Senatda YeXHT DIIHB direktori bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Noyabr 2023 471

    Joriy yil 14-noyabrda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R. Alimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YeXHT DIIHB) direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida tomonlar Oʻzbekiston bilan YeXHT oʻrtasida soʻnggi yillarda oʻrnatilgan ochiq va ishonchli muloqotni mamnuniyat bilan qayd etdilar, shuningdek, oʻzaro manfaatli sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Matteo Mekachchi mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini, jamiyatni isloh qilishda mamlakat parlamentining roli ortib borayotganini qayd etdi. U Byuro Oʻzbekistonda parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga har tomonlama hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi. Respublika saylov qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha qator tavsiyalar berdi.

    DIIHB direktori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasining YeXHT PA faoliyatida faol ishtirok etishi muhimligini taʼkidladi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar yaqin muloqotni va hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.