Senatga kelgan murojaat soxta ekan

    Ijtimoiy hayot 7 May 2021 1819

    Oliy Majlis Senati aʼzolari nazorat-tahlil tadbirlari bilan bir qatorda hududlarga chiqib aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar qilishmoqda. Mazkur jarayonlarda aholini koʻpdan beri qiynayotgan masalalar koʻrib chiqilib, oʻz yechimini topmoqda.

    Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi F. Boqiyev Samarqand viloyatining chekka hududlariga borib, yuqori palataga kelgan murojaatlarni oʻrgandi. Xususan, Jomboy tumani “Eski Jomboy” mahalla aholisi bilan muloqot oʻtkazib, bu yerdagi 28-son maktabdan tushgan arizani ushbu taʼlim maskaniga borib oʻrgandi. Murojaat maktab taʼmirtalab, qulab tushish ehtimoli katta, oʻquvchilarni yangi binoga koʻchirish lozim degan mazmunda yozilgan va qator oʻqituvchilar tomonidan imzolangan.

    Ammo maʼlum boʻlishicha maktab 2003-yilda qurilgan boʻlib, hozirda bino holati yaxshi, imzolar esa soxtalashtirilgan. Senator familiyasi keltirilgan fuqarolar bilan uchrashganda, ularning arizadan xabari yoʻqligi aniqlandi.

    Senator F. Boqiyev Jomboy tumani “Xalqparvar” komissiyasi aʼzolari, Bulungʻur, Urgut, Toyloq tumanlarida “Mingterak”, “Gʻoʻs” mahallalarida aholi bilan uchrashib muloqot qildi. Uchrashuvda muammoli masalalar koʻtarilib, ularning ijobiy hal etilishini taʼminlash maqsadida senator mutasaddi va masʼul tashkilot rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati