Senatning 35-yalpi majlisi boʻlib oʻtadi

    Mamlakatimizda 17 Noyabr 2022 1407

    Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisini 2022-yil 18-noyabrda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Majlisda Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisini 2022-yil 18-noyabrda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

    MDH PAning 2022-yil 27-28-oktyabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan kuzgi sessiyasi yakunlari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, navbatdagi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Izmir Shartnomasini (Izmir, 1996-yil 14-sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy hadli Bitimni (Toshkent, 2022-yil 29-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarni ham koʻrib chiqish rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, yalpi majlisda 2022-yilning toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha Davlat byudjeti ijrosi va 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotlari koʻrib chiqiladi.

    Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari ham senatorlar muhokamasida boʻladi.

    Shuningdek, yalpi majlisda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yoʻl xoʻjaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqiladi.

    Yalpi majlis doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosarini saylash, shuningdek Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish ham nazarda tutilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.