Senatning birinchi majlisi boshlandi

    Toshkent shahrida 19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

    Saylov kodeksiga muvofiq majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev ochdi.

    Oliy Majlis Senatini shakllantirish jarayoni yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda takomillashtirilgan milliy saylov qonunchiligi talablariga binoan ochiqlik va oshkoralik kabi demokratik tamoyillar asosida amalga oshirildi.

    Senatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʻyicha qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylandi.

    Yuqori palataning 9 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi farmoni bilan tayinlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi shu yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining barcha aʼzolarini roʻyxatga oldi.

    Majlisda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

    Majlis davom etmoqda.