Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Unda Senatning ellik beshinchi yalpi majlisini 2024-yil 15-avgustda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun, “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi hamda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, kun tartibidan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun, bir qator xalqaro hujjatlarga qoʻshilish va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlar ham oʻrin olgan.
Navbatdagi yalpi majlisda Oʻzbekiston uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar roʻyxatini tasdiqlash masalasini koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohaning boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha axborotini eshitish ham rejalashtirilyapti.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasi ham koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.