Senatning ellik birinchi yalpi majlisi 2024 yil 30 martda chaqiriladi

    Mamlakatimizda 28 Mart 2024 720

    Bugun, 28-martda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Unda Senatning ellik birinchi yalpi majlisini 2024-yil 30-martda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

    “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, yalpi majlis kun tartibida “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhi toʻgʻrisidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhi byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022-yil 1-iyun) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun ham oʻrin olgan.

    Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar toʻgʻrisida”gi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni ham koʻrib chiqadi.

    Bundan tashqari, senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitiladi.

    Yalpi majlisda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi muhokama qilinishi ham rejalashtirilyapti.

    Shu bilan birga, syentaorlar Oliy Majlis Senati Kengashining bir qator qarorlarini tasdiqlash masalasini ham koʻrib chiqadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.