Unda Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisini 2024-yil 10-iyulda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, senatorlar tomonidan “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama etiladi.
Shu bilan birga senatorlar “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni ham koʻrib chiqishni rejalashtiryapti.
Navbatdagi yalpi majlisi kun tartibidan “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida”gi, “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar ham oʻrin olgan.
Bundan tashqari, yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, Turkmaniston va Turkiya bilan tuzilgan bitimlarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Senat aʼzolari Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlarini muhokama qiladi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini hamda oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborishni koʻrib chiqadilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.