Undi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan 2023-yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti va 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama etildi.
Qo‘mita majlisida senatorlar, Qo‘mita huzuridagi Ekspert guruhi a'zolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Majlis davomida ta’kidlanganidek, Qo‘mita a’zolari mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning qonuniy asoslarini mustahkamlashda parlament nazoratini olib borish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Ko‘rib chiqilgan har bir qonun va masala muhokamasida inson haq-huquqlarini, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlash, hududlar manfaatlarini ilgari surish kabi jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, xalqaro maydonda davlatimiz imijini yaxshilash, jumladan, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlarda ish olib bordi.
O‘tgan davrda Qo‘mitaning o‘tkazilgan 14 ta majlisida 41 ta masala ko‘rib chiqildi.
«Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi Qonun ham shular jumlasidandir. Senat tomonidan ma’qullangan mazkur Qonun yo‘llarda fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l harakatini tashkil etishni to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilishiga, Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar o‘rtasida samarali hamkorlik tizimlari joriy etilishiga, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilinishiga xizmat qilyapti.
Qo‘mita o‘tgan yilda qonunchilik faoliyati bilan birga nazorat-tahlil faoliyatiga ham alohida e'tibor qaratdi.
Mamlakatimizda yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda amaldagi qonunchilik normalarining ijro etilishi holati yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari Qo‘mita majlisida qizg‘in muhokama etildi.
Senatorlar yil davomida aholini tashvishga solayotgan, shuningdek mamlakat miqyosida dolzarb bo‘lib turgan muammoli masalalarni hal etish ustida ham ish olib bordi. Ularning yechimiga Hukumat, mas’ul vazirlik va idoralar e’tibori qaratildi.
Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan ko‘tarilgan ko‘p kvartirali uylar va aholi gavjum bo‘ladigan ob’ektlarda foydalaniladigan liftlar bilan bog‘liq muammolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan «Uzbekistan Airways» AJga qarashli chipta sotish kassalari faoliyatida eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotganligi, fuqarolar tomonidan o‘z yaqinlari uchun chipta sotib olish jarayonida ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab etilayotganligi, asl nusxasi taqdim etilmaganda esa chipta sotilmayotganligi ma’lum qilingan edi. O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur masala bilan bog‘liq kamchiliklar va qonunbuzarliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.
O‘tgan yil davomida Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 5 437 ta murojaat, shundan 2 373 ta murojaat Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Joylarda esa jami 4 598 nafar fuqaro qabul qilindi.
Shu bilan birga, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan yigirma marotaba foydalanilgan.
Bundan tashqari, o‘tgan 2023-yilda senatorlarning qat’iyatliligi bilan joylarda aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash, elektr-energiyasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, umuman saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni hal etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Qo‘mita majlisida 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tildi.
Majlis so‘nggida ko‘rilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.