Senatning navbatdagi yalpi majlisi 2022 yil 28 may kuni bo‘lib o‘tadi

    Mamlakatimizda 21 May 2022 1419

    Joriy yil 20-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisini 2022-yil 28-may kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

    “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish haqida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, senatorlar tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari ham koʻrib chiqiladi.

    Bundan tashqari, Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari ham muhokama etiladi.

    Shuningdek, yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini ham koʻrib chiqish nazarda tutilgan.

    Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining 2021-yil va 2022-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini ham eshitish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati