Senatning navbatdagi yalpi majlisi 2023-yil 29-sentyabrda chaqiriladi

    Mamlakatimizda 27 Sentabr 2023 932

    Joriy yil 27-sentyabrda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Majlisda Senatning qirq beshinchi yalpi majlisini 2023-yil 29-sentyabrda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama etish rejalashtirilgan.

    “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida“gi, “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida“gi, “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi, “Oʻlchash vositalarini qiyoslashdan oʻtkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Shuningdek, yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida“gi qonunlar muhokama etiladi.

    Bundan tashqari, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosarini saylash, Senat Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini koʻrib chiqadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.