Yalpi majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladi. Unda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan vazifalar koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, Suv kodeksini tasdiqlash, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirishga oid muhim qonunlar muhokama qilinadi.
Senatorlar tomonidan zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish va yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunlar ham koʻrib chiqiladi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga, qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qonunlarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilning (ombudsmanning) va Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2024-yildagi faoliyati boʻyicha maʼruzalari eshitiladi.
Shuningdek, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishga doir, oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari bilan bogʻliq masalalar ham yalpi majlis kun tartibidan oʻrin olgan.
Yalpi majlisda koʻriladigan masalalar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni – Inson qadri hamda huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.