Yalpi majlis kun tartibiga jamiyat hayoti va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning dolzarb masalalariga oid qator qonunlar kiritilgan.
Xususan, “Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisida”gi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar, shuningdek, sunʼiy intellektni qoʻllash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga doir qonun koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yoqilgʻi-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirishga, valyuta va qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishga, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirishga, ijro ishini yuritish tartibini soddalashtirishga hamda agrar va ekologiya sohalaridagi qonunchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qonunlar ham muhokama qilinadi.
Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, dala chetlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimini yaxshilashga oid qonunlar ham koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaga mamlakatda oila institutini mustahkamlash va ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish masalasi ham kun tartibidan oʻrin olgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.








