Senatning oʻttiz uchinchi yalpi majlisini chaqirish kuni maʼlum qilindi

    Mamlakatimizda 5 Oktabr 2022 1197

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz uchinchi yalpi majlisini 2022-yil 7-oktyabr kuni chaqiriladigan boʻldi.

    Bu haqda shu yilning 4-oktyabrida boʻlib oʻtgan Senat Kengashining navbatdagi majlisida oʻttiz uchinchi yalpi majlisni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Navbatdagi yalpi majlisda “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar bir qator masalalar koʻrib chiqiladi.

    “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalarini muhokama qiladi.

    Shuningdek, yalpi majlisda Fargʻona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti ham eshitiladi.

    Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament soʻrovi natijalari ham muhokama qilinadi, deyiladi Senat axborot xizmati xabarida.

    Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.