Senatning qirq yettinchi yalpi majlisini chaqirish yuzasidan qaror qabul qilindi

    Mamlakatimizda 23 Noyabr 2023 1141

    Joriy yil 23-noyabrda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Unda Senatning qirq yettinchi yalpi majlisini 2023-yil 24-noyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

    “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi Konstitutsiyaviy Qonun, “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”, “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga oʻzgartirish

    va qoʻshimchalar kiritish haqida“gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Bundan tashqari, navbatdagi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida” qonunlarni ham koʻrib chiqish rejalashtirilgan.

    Kengash majlisida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida bir qator masalalarni oʻzida aks etgan shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi va “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Toshkent, 2022-yil 22-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida“gi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirish kiritish va Senat Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalalari ham yalpi majlis kun tartibidan oʻrin olgani aytib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.