Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 19 Aprel 2021 1320

    2021-yil 19-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Qonuni muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, Qonun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijdagi, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, respublikadagi mehnat faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, mamlakatdan chiqish va unga kirishni tashkil etish tizimi va mexanizmlarini tartibga solish, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

    Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, qolaversa, xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

    Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida respublikada chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomini tartibga solish taʼminlanadi. Yaxlit tizimini oʻrnatishga, turli qonunosti hujjatlar bilan shakllantirilgan huquqiy asoslarni unifikatsiyalash imkoni beriladi, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan munosabatlarni davr talabiga moslashtirishga imkoniyat yaratiladi.

    Bundan tashqari, hujjat bilan mehnat munosabatlari sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikning shaffof va ochiq tartibini yaratiladi, chet el fuqarolarining davlat xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyati beriladi.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi, shu jumladan, muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini saqlashga doir qonunlar ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish masalalariga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

    Soʻzga chiqqanlarning fikriga koʻra, senatorlar tomonidan, prokuratura organlarining amalga oshirgan ijobiy ishlari bilan bir qatorda faoliyatning ayrim yoʻnalishlarida nazoratni yana-da kuchaytirish lozimligi maqsadga muvofiq.

    Jumladan, mamlakatimizda reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar oqibatida oʻtgan yilga nisbatan goʻdaklar oʻlimi 428 taga, onalar oʻlimi 10 taga oshganligi, ogʻir moliyaviy ahvolga tushgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi yetarli darajada taʼminlanmaganligi, prokurorlar sektor rahbari sifatida zamonaviy ish usullariga ayrim rahbarlari hamon tayyor emasligi qayd etildi.

    Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish boʻyicha kamchiliklarga barham berilmaganligi va boshqa bir qator masalalar boʻyicha kamchiliklar borligi ham taʼkidlandi.

    Bu holatlar ushbu yoʻnalishda nazoratni yana-da kuchaytirishni, aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga nisbatan qatʼiy
    va taʼsirchan choralar koʻrish zarurligi qayd etildi.

    Shu munosabat bilan qoʻmita aʼzolari tomonidan sektorlarda ishlarni “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi mexanizmlar asosida tashkil etilishi hamda yuritilayotgan hisobotlarning haqqoniyligini doimiy tahlil qilib, mavjud qonun buzilishlarni bartaraf etish choralarini koʻrish, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasi hamda bandligini taʼminlash, “Har bir tadbirkor — yoshlarga madadkor” tamoyili asosida ishsiz yoshlarni tadbirkorlarga biriktirish, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, muammo, taklif va istaklarini “mahallabay” oʻrganish va hal etishga doir vazifalar ijrosi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar berildi.

    Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.