Senator AQSH Kongressida Oʻzbekiston kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etdi

    Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi AQSH Kongressining “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston kuni” oʻtkazildi.

    Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ham ishtirok etdi.

    С.Сафоев Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimiz hayotining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va demokratik oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligi va kelajakda ularni yanada jadallashtirish rejalari qatʼiy ekanligi alohida taʼkidlandi.

    Qayd etilganidek, Oʻzbekiston hukumatining ustuvor vazifasi investitsiya muhitini doimiy ravishda yaxshilashdan iborat, chunki mamlakatimiz milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etishdan manfaatdor.

    Oʻz navbatida, tadbirda soʻzga chiqqan kongressmenlar, senatorlar va AQSH maʼmuriyati anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston kuni” tadbirining ana shunday yuksak tashkiliy va mazmuniy saviyada oʻtkazilishini olqishladi.

    Shuningdek, ushbu tadbir Oʻzbekiston -AQSH parlamentlararo hamkorligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    Mazkur tashabbus amerikalik siyosatchilar va ishbilarmon doira vakillari uchun Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlar bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

    Shu bilan birga, ishtirokchilar soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va AQSH kompaniyalari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalari sezilarli darajada faollashgani, respublika iqtisodiyotiga Amerika investitsiyalari oqimining jadal oʻsganini, shuningdek, qoʻshma va toʻliq Amerika sarmoyasi asosida tashkil etilgan korxonalar soni koʻpayganini taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning nogironlarni qoʻllab-quvvatlash, qulay sharoitlar yaratish, ularni jamiyatdagi jarayonlarga toʻliq jalb etish va mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ishtiroki borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.