Senator Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi

    Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi.

    “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik: Markaziy Osiyo mintaqasi va Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda ayollarning roli” mavzusidagi forumda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining ayol vakillari, faol xotin-qizlar, qator xalqaro tashkilotlarning ekspert va mutaxassislari ham ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar tinchlik oʻrnatishda ayollar yetakchiligi, iqlim oʻzgarishiga gender moslashuvi va transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalarini muhokama qildilar.

    Soʻnggi yillarda muloqot mintaqada tinchlik, xavfsizlik va gender tenglik masalalarini muhokama qilish uchun talab etilgan platformaga aylandi.

    2021–2023-yillarda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikistonning mazkur Forumga raisligi doirasida erishilgan yutuqlarga alohida urgʻu berildi.

    Ushbu davrda gender tenglik va ayollarni qoʻllab-quvvatlash sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Gender istiqbollarini milliy siyosatga integratsiya qilish, raqamli inklyuzivlikni kengaytirish, tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash hamda atrof-muhit barqarorligi va tinchlik oʻrnatishda ayollar yetakchiligini kuchaytirish boʻyicha muhim yutuqlarga erishildi.

    2024-yilda Qirgʻiziston raisligi davrida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha ishlar davom ettirildi.

    Senator xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora- tadbirlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Xususan, G.Maʼrufova 2025-yilda ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni taʼminlash boʻyicha global harakatga asos boʻlgan asosiy hujjat – Pekin harakatlar platformasi qabul qilinganiga 30-yil toʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

    Forum yakunlari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mintaqaviy miqyosda qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.