Senator MDH PA doimiy komissiyasi majlisida ishtirok etdi

    2024-yil 4-aprelda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyev MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi ishchi organining videokonferensaloqa shaklida oʻtgan majlisida ishtirok etdi. Unda oʻndan ortiq mamlakat ekspertlari va qonun ijodkorlari ishtirok etdi.

    Nazorat-byudjet komissiyasining majlisida MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining 2023-yil uchun moliyaviy majburiyatlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi qarori hamda MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi byudjetiga 2024-yilning birinchi choragida ulushli badallarni oʻtkazish masalasi muhokama etildi.

    Shuningdek, majlisda MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining “MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ham koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

    Majlisda MDHga aʼzo davlatlarning Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasi hamda uning faoliyatini moliyalashtirishga oid kiritilgan oʻzgartirishlar kelishib olindi. Bundan tashqari, MDHga aʼzo davlatlarning “Hamdoʻstlik bolalari” xalqaro madaniy-maʼrifiy forumini moliyalashtirish masalasi koʻrib chiqildi.

    MDH PA komissiyalari 2023-yildagi faoliyati yakunlarini sarhisob qildi va MDH PA Nazorat-byudjet komissiyasining 2023-yildagi faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni maʼlumot uchun qabul qildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.