Senator Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

    Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O.Kozixonova oʻtgan hafta Boku shahrida Ozarbayjon parlamenti tashkil topganligining 106-yilligiga bagʻishlangan “Parlamentarizm: anʼanalar va istiqbollar” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

    Tadbirda 13 ta davlat 100 ga yaqin parlament aʼzolari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

    Konferensiyada parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, qonunchilik jarayonlarini takomillashtirish, demokratik qadriyatlarni ilgari surish, inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlashda parlamentlarning rolini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo muloqot jadal rivojlanib borayotgani haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekistonda ilk bor yangilangan Konstitutsiya asosida oʻtkazilgan parlament saylovlarining ahamiyati, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimida parlamentning rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Konferensiya yakunida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va muhim sohalarda qoʻshma loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

    Shuningdek, tashrif doirasida Ozarbayjon Milliy Mejlisi Yoshlar va sport masalalari qoʻmitasi raisi Sh. Ismailov, “Ozarbayjon-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi aʼzosi, Milliy Mejlis deputati J. Pashazade bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalar bilan almashish hamda sportni rivojlantirish sohasidagi tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, ikki mamlakat parlamentlarining yangilangan tarkibi asosida tuzilgan doʻstlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.