Senator “Pekin+30” mintaqaviy tahlil uchrashuvida ishtirok etdi

    Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Maʼrufova Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan “YEEK mintaqasida gender tenglikka erishishni jadallashtirish boʻyicha majburiyatlarni baholash” mavzusiga bagʻishlangan “Pekin+30” mintaqaviy tahlil uchrashuvida ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida xotin-qizlarning iqtisodiy huquqlarini jadallashtirish, qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini taʼminlash, ayollar va qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga oid asosiy masalalar muhokama etildi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi gender tenglikka erishish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va siyosiy jarayonlardagi rolini oshirish boʻyicha oʻz tajribasi haqidagi axborotni taqdim etdi. Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi va mintaqadagi ilgʻor tajribalardan biri sifatida eʼtirof etildi.

    Tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktorining normativ qoʻllab-quvvatlash, BMT tizimini muvofiqlashtirish va dastur natijalari boʻyicha oʻrinbosari N. Gumbonzvanda bilan uchrashdi. U Oʻzbekistonda ayollar huquqlari sohasida sezilarli yutuqlarga erishayotganini taʼkidladi hamda mamlakatni ayollar huquqlarini mintaqaviy va global miqyosda himoya qilishni ilgari surishni davom ettirishga chaqirdi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi majburiyatlarini mintaqada amalga oshirishni yanada jadallashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.