Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi Boshqaruvi raisi, senator Sodiqjon Turdiyev aholi muammolarini oʻrganish, olis qishloq joylarida yashayotgan odamlarning turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatining Angor, Bandixon, Oltinsoy va Qiziriq tumanlaridagi qator mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, viloyatdagi 100 ta mahalla fuqarolar yigʻini ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir, olis, koʻp millatli chegara hudud sifatida belgilangan. Bugungi kunda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan fuqarolar yigʻinlarida aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini ijobiy hal etish, qishloq va mahallalarni obodonlashtirish, bu orqali chekka hududlarda yashovchi odamlarning yashash tarzini yana-da yaxshilash boʻyicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
Senator S.Turdiyev mahallalarda bu borada amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishar ekan, eng avvalo, aholini oʻylantirayotgan masalalar yechimiga alohida eʼtibor qaratdi.
Jumladan, Oltinsoy tumanidagi “Qorliq” mahallasida aholi xonadonlariga kirib, odamlarning yashash sharoiti va muammolari bilan tanishdi hamda ularni ijobiy hal etish boʻyicha sektor boshliqlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berdi. Shu bilan birga, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlarga moddiy yordam koʻrsatildi.
Shundan soʻng senator mahallada yashovchi keksalar bilan uchrashib, oilaviy ajrimlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bu jarayonda fuqarolar yigʻini huzuridagi “Keksalar maslahati” guruhi aʼzolari va yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarning faolligini yana-da oshirish lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida mahallada yashovchi bir guruh faol nuroniylar tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati