Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini yana-da oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga asosan “Odamlar uchun shahar”, “Yashil shahar” va “Shahar-bogʻ” modellari elementlarini qoʻllagan holda koʻcha-yoʻl hududlarini tashkil etish, istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bulvarlar, odamlar uchun maydonchalar, piyodalar harakatini va velosipedda harakatlanishni tashkil etish, mintaqa iqlimi va tabiiy sharoitlardan kelib chiqib, kompleks landshaft dizayni, tavsiya etilgan yashil butalarni hisobga olgan holda hududlarni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish belgilangan.
“Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni toʻplagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaat xat bilan koʻrib chiqish va tegishli qarorni qabul qilish maqsadida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga kiritilgan edi.
Oliy Majlis palatalarining Kengashlari qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan belgilangan miqdorda qoʻllab-quvvatlovchi ovoz toʻplagan murojaatni koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish muddati murojaat vakolatli davlat organiga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oltmish kundan oshmasligi (mazkur holat boʻyicha 2020-yilning 21-oktyabriga qadar) belgilangan.
Biroq, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻrganganda, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan yuqorida qayd etilgan nizom talablari buzilganligi, mazkur murojaatning koʻrib chiqilganligi va natijasi boʻyicha qabul qilingan qaror veb-portal moderatoriga bugungi kunga qadar taqdim etilmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. Umarov tomonidan “Mening fikrim” veb-portalida besh mingdan ziyod ovozni toʻplagan “Tuman va shaharlarda yangi yashil hududlarni yaratish haqida”gi elektron jamoaviy murojaatning koʻrib chiqilganligi va natijasi boʻyicha qabul qilingan qarorning veb-portal moderatoriga taqdim etilmaganligi yuzasidan Toshkent shahar hokimi J.Artikxodjayevga asoslantirilgan tushuntirish berishni soʻrab senator soʻrovi yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati