Jumladan, Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mahmudjon Parpiyev hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxanov xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, viloyat mahalliy Kengashi kotibiyati hamda siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashdi.
Unda Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish dasturlari, shuningdek, mazkur yoʻnalishda joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni izchil yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi.
Qolaversa, parlament yuqori palatasining oʻn ikkinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan masalalar, maʼqullangan qonunlar, ularning ijrosini taʼminlashda tegishli mutasaddilar masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Xususan, saylov qonunchiligini takomillashtirishga doir yangiliklarning mamlakatimiz siyosiy hayotidagi ahamiyati, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari hamda boshqa qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlarini mustahkamlashga oid normalarning mazmun-mohiyati, tubdan takomillashtirilgan auditorlik faoliyatiga oid qonunchilikning iqtisodiyotimiz ravnaqidagi oʻrni, 30-iyulni mamlakatimizda “Xalqlar doʻstligi kuni” sifatida belgilashga oid qonun mohiyatiga urgʻu berildi.
Bundan tashqari, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash bilan birga aholi salomatligini mustahkamlash borasida tizimli ishlarni olib borishda jamoatchilik va deputatlik nazorati institutlaridan samarali foydalanish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Deputatlar tomonidan saylov okruglarida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda koʻtarilgan masala va muammolarga yechim izlashda tashabbus koʻrsatishayotganiga qaramay, murojaatlarni hal etishda tegishli mutasaddilarda masʼuliyat yetishmayotgani, aksariyat hollarda deputatlik soʻrovlariga bepisandlik bilan qaralayotgani tanqid ostiga olindi.
Jumladan, “26-Sardoba” saylov okrugidan deputat Abduvohid Azizov koʻtargan bir qator masalalar hamon ijobiy hal etilmagan. Hududdagi yoʻllar taʼmirtalab. Bundan aholi, ayniqsa, oʻquvchilar jabr koʻrmoqda. Koʻchalarga transformator oʻrnatish boʻyicha masalaga elektr taʼminoti korxonasidan amaliy javob yoʻq. ”Baynalmilal” mahalla fuqarolar yigʻini uchun hanuzgacha idora topilmayapti. Ikki sotixli xonadonlarning aksariyatida toʻrttagacha xoʻjaliklar (oilalar) yashashga majbur boʻlmoqda. Ularga sayyor qabullarda ajratilishi aytilgan uy-joylar ham hozircha amalga oshmayapti.
“16-Sharshara” saylov okrugidan deputat Shamsiddin Qayumovning oʻtgan 2020-yil davomida tegishli tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga yuborgan 40 dan ziyod deputatlik soʻrovlaridan yettitasiga umuman javob qaytarilmagan. Shuningdek, javob xatlaridan beshtasiga xalq vakili qoniqish hosil qilmagan. Deputat oʻz saylov okrugi hududida joylashgan maktablarni oʻrganish jarayonida taʼlim sifati talabga javob bermasligini taʼkidladi. Maʼlum boʻlishicha, 46-sonli umumtaʼlim maktabida soʻnggi 30 yil ichida atigi 26 nafar bola oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan xolos. Buni yillar kesimida olganda, aqalli bir nafar oʻquvchiga ham toʻgʻri kelmasligi gʻoyat achinarlidir.
Shuningdek, uchrashuvda Oliy Majlis Senatining 2021-yildagi ustuvor yoʻnalishlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda olib boriladigan vazifalari ham muhokama etilib, bu jarayonda deputatlar tomonidan qayd etilgan ogʻriqli muammolar yechimi yuzasidan hisobdor tashkilot va muassasalar rahbarlaridan masʼuliyat soʻralishi, kelgusida ularni hal etish choralari koʻrilishiga eʼtibor qaratilishi bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati