Bu haqida Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jamiyat rivojida deputatlarning faolligini yana-da oshirish, ijtimoiy muammolar yechimida ularning hissasini koʻpaytirish uchrashuvning asosiy maqsadi boʻldi. Shuningdek, yigʻilishda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida tuman hokimligi, hududdagi tashkilot va korxonalar rahbariyati tomonidan amalga oshirilishi zarur vazifalar xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

— Ayni paytda tumanda bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ularning besh oylik ehtiyojlari oʻrganilib, aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda zarur oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu esa har bir oila, har bir fuqaro eʼtiborimizda ekanidan dalolat beradi, — deydi tuman hokimi F.Umarov.

Qoʻmita raisi tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi

Kunning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E.Gadoyev navoiylik bir guruh tadbirkorlar tomonidan olib borilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi.

Ularning bugungi kunda davlatimizga qoʻshayotgan beminnat hissasini eʼtirof etar ekan, jamiyat rivoji bevosita tadbirkorlarga ham bogʻliq ekanini yana bir bor alohida taʼkidladi.

Shu bilan birga, qoʻmita raisi tadbirkorlar faoliyati bilan tanishib, ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan muhokamalar ham olib bordi hamda ularni hal etish chora-tadbirlari xususida fikr-mulohazalar bildirib oʻtdi.

Xatirchida “Yoshlar va ayollar daftarlari” boʻyicha ishlar oʻrganildi

Qoʻmita raisi E.Gadoyev hamda Senat aʼzolari Xatirchi tumanida “Yoshlar va ayollar daftarlari” boʻyicha tashkil etilgan ishlar koʻlamini oʻrgandi.

Shuningdek, bugungi kunda tumanga rahbarlik qilayotgan Gʻ.Aliyev boshchiligida senatorlar tomonidan “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari” uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi.

Sektorlar kesimida faoliyat yuritayotgan shtablardagi har bir jarayon alohida tahlil etildi. Xalqimiz uchun muhim boʻlgan bu jarayonning nechogʻlik samaradorligi hamda natijadorligi bu kabi oʻrganishlarga bogʻliq ekanligi taʼkidlandi.

Senatorlar xatirchilik dehqonlar bilan uchrashdi

Ayni kunlarda yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida ham bir qator saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qishloq-xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, takroriy ekinlarni koʻpaytirish, bozorlardagi narx-navoni arzonlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada qoʻmita raisi xatirchilik bobodehqonlar, fermerlar bilan uchrashib, ular yetishtirayotgan bogʻdorchilik mevalariyu, dehqonchilik sabzavotlarini koʻzdan kechirdi.

— Mana necha yildirki, xonadonimizda uzumchilik bilan shugʻullanamiz. Turli navdagi uzumlar xalqimiz dasturxoniga koʻrk bagʻishlab turganini koʻrib koʻzim quvonadi. Tuprogʻi hosildor boʻlgan zaminda mehnat qilish va uning rohatini koʻrish naqadar zavqli, — deydi xatirchilik Olim Yorqulov.

Darhaqiqat, bozorlarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va narxlarining barqarorligini bir meʼyorda tutish, bevosita mehnatkash bobodehqonlarimizga bogʻliq. Zero, halol dehqonchilik — toʻkinchilik timsolidir!