Soʻngi yillarda telekommunikatsiya tarmoqlari texnologik yutuqlar va isteʼmolchilarning oʻzgaruvchan talablari taʼsiri ostida jadal rivojlanmoqda. Bu borada mamlakatimizda har bir sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, chekka hududlarda telekommunikatsiya tizimlarining rivojlanishi telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish imkoniyatlarini yaratdi va Internet xizmatlari narxini arzonlashtirishda ijobiy natijalarga erishishga imkon berdi.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qonun bilan telekommunikatsiya bozori rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilindi. Qonunda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Jumladan, Qonunda tartibga soluvchi organga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatlarda telekommunikatsiya infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish, operatorlar va provayderlarning faoliyat koʻrsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini taʼminlash vakolatlari berilmoqda.
Shuningdek, tartibga soluvchi organning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilab qoʻyilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga yengillik berish bilan birga hukumatning iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish boʻyicha strategik dasturining muhim qismi boʻlgan telekommunikatsiya sektorining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.