Sendan Vatanim boʻyin tuydim

    Fikr 18 Noyabr 2020 1099

    18-noyabr —Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun!

    Har gal 18-noyabr sanasi arafasida xayolimni ajib tuygʻular qamrab oladi! Taʼbir joiz boʻlsa, Mustaqil Oʻzbekistonimizning bu ulugʻvor ramzining qiyosi yoʻqdek. Albatta, shunday. Dunyodagi koʻplab mamlakatlar bayrogʻi orasida oʻzgacha hilpirab, ezgulik, bagʻrikenglik, insoniylik, ulugʻvorlik nurlarini taratib turishi naqadar faraxli...

    Ayniqsa, bayrogʻimizga berilgan taʼrifdagi ushbu satrlar qalbimga beqiyos iftixorni baxsh etadi: “Davlat bayrogʻi va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi!”

    Darhaqiqat, daxldorlik hissi har birimizda mehr-muhabbat, sadoqat tuygʻularini tarbiyalaydi. Aks holda, turli xalqaro anjumanlar, musobaqalarda yuksakka koʻtarilayotgan muqaddas bayrogʻimizga qarab quvonchdan yigʻlamagan, gʻoliblarimiz uni boshi uzra hilpiratib magʻrur turmagan, harbiylarimiz qasamyod qilar ekan, taʼzim qilib, uni koʻzlariga toʻtiyo qilmagan boʻlar edi!

    Menga qolsa boshqalar uchun ham eng yoqimli, yurakka yaqin, ezgu maqsad, xayrli amallar, ulkan bunyodkorliklar Vatani — Yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning timsoli boʻlgan muqaddas bayrogʻimizni baland koʻtarishga, uni ardoqlash, asrab avaylashga qodir har bir fuqaro eng baxtli insondir. Bu baxtni his etmoqchi boʻlsangiz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi magʻrur hilpirayotgan, yurtimiz yuragiga qadalgan joylarni ziyorat qiling, bosh egib taʼzim qiling...

    Barchangizga ushbu quvonchli kun muborak boʻlsin! Vatanning munosib farzandi boʻlishlik barchamizga nasib etsin!

    Ozodbek NAZARBEKOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri