— Xiva yaqinida bir otaxon bilan gaplashib qoldim. Uning yuzidan nur yogʻilib turgandi, aytishicha umri davomida umuman ichmagan, chekmagan ekan. Yoshi saksondan oshib, toʻqsonga yaqinlashib qolgan, ammo ancha dadil.
Otaxonning 14 sotix yeri bor ekan, bir yilda 90 million soʻm daromad qilibdi. “Oxirgi uch yilda nima eksam, uyimdan olib ketishyapti. Pomidor ekamanmi, bodringmi yoki chesnok, oʻzlari yigʻishtirib olishadi”, dedi u.
Shu inson menga bir gap aytdi. “Agar ishlar shu ketishda davom etsa, davlatni koʻtarib olish uchun 3 yil yetadi”, dedi u. Men eʼtiroz bildirdim: “Besh yil kerak”, dedim.
Ammo otaxon “yoʻq”, dedi. “Men nafaqadagi odamman, har kuni shu yerda oʻtiraman. Ilgari mana shu koʻchadan bir kunda nari borsa 22 telejka paxta oʻtardi. Men sanardim. Hozir esa 47-50 telejka paxta ketyapti. Hech qayerda shtab yoʻq, majburiy mehnat yoʻq, ammo paxta terilyapti, dedi”, dedi u.
Odamlarimiz mana shunday ishonch bildirishsa, albatta oʻzimiz orzu qilgan mamlakatni quramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.