Sentob qishlogʻida mehmon uylari 11 taga koʻpaydi

    Ijtimoiy hayot 25 May 2021 2179

    Navoiy viloyatida shunday maskanlar borki, ularga turizm qishlogʻi deb rasman taʼrif berilmasada, tabiati va xorijliklarga yaratilgan imkoniyati bilan turistik manzil sifatida allaqachon nom chiqargan.

    Bu qishloq hatto reklamaga ham muhtoj emas. Bir kelgan sayyoh dunyoning narigi burchagidan ham tabiat neʼmati va goʻzalligiga mahliyo boʻlib qayta qayta tashrif buyuraveradi. Bugun qishloqda 2 ta xostel va 10 ta mehmon uyi mavjud.

    DXA Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Nurota tumani Davlat xizmatlari markazi tumanning eng olis togʻli hududi Sentob qishlogʻida sayyor mobil xizmatlarini tashkil etdi. Mahalliy xalqning taʼkidlashicha, ayni kunda hududda mehmonxonalar barchasi xorijlik sayyohlar bilan band. Aholi imkoniyatlari hisobga olingan holda ichki turizmni rivojlantirish uchun yana 10 ta uy mehmonxonalari va bitta oilaviy korxona sayyor tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, deya xabar beradi DXA Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmati.

    Shuningdek, DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Behzod Safarov va oʻrinbosari Eldor Bahodirov hudud aholisi uchun sayyor qabul oʻtkazib, fuqaro va tadbirkorlar murojaatlarini tingladilar. 10 ga yaqin murojaatlarga joyida yechim topildi. Mahalliy xalqning kommunal toʻlovlari qilishi uchun mobil bank hamda mobil dorixona, mobil bogʻcha tashkil etish va ishsizlik muammolariga oid murojaatlari yozib olindi va tegishli davlat tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan boʻldi.

    Tadbir jarayonida DXA Navoiy viloyati boshqarmasi va Nurota tumani DXM mutaxassislari hududdagi 3 ta tojik tilida taʼlim berayotgan umumtaʼlim maktabida davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati va onlayn xizmat olish imkoniyatlari, mobil telefondan davlat xizmati olishning afzalligi boʻyicha master klass oʻtkazdilar. Boshqarma boshligʻi Behzod Safarov har bir bitiruvchi oʻquvchiga kompyuter va mobil telefondan davlat xizmati olish koʻnikmalarini oʻrgatdi. Eng asosiysi, maktab optik tolali internet tarmogʻiga ega. Onlayn xizmat olish koʻnikmalarini oʻrgatish uchun 20-30 daqiqa kifoya.