Unda Madaniyat va turizm vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi mutasaddilari, Nurota tumani hokimi, Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi hamda tuman faollari ishtirok etdi.
«Sentob» qishlogʻini «Turizm qishlogʻi»ga aylantirish natijasida 200 ga yaqin ishsiz aholi, jumladan, xotin- qizlar doimiy ish oʻrinlariga ega boʻldi. Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik subyekti mavjud. Sentob qishlogʻiga muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilyapti», – dedi tadbirni ochib bergan Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev.
Shuningdek, tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi vakili Lola Rahmonboyeva davlat rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, sayyohlikni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm qishloqlarining soha rivojidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.
«Madaniyat va turizm vazirligi hamda uning Navoiy viloyatidagi boʻlinmasi tashabbusi bilan «Sentob» qishlogʻida bugunga kelib 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 xostel faoliyat koʻrsatyapti, — dedi vazirlik boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Lola Zikrillayeva. — Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan koʻrsatkichlar oʻrnatildi. Ayni damda turizm qishlogʻida 15 dan ortiq turistik xizmat yoʻlga qoʻyilgan».
Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzoda tadbirda soʻzga chiqib, «Sentob» qishlogʻi aholisini turizm qishlogʻi maqomi bilan tabrikladi.
Turizm qishlogʻi ochilish marosimida, shuningdek, milliy qadriyat va anʼanalarimiz oʻz aksini topgan madaniyat va sport dasturlari ham namoyish etildi.
Bundan tashqari, qishloq ahli tomonidan Navroʻz bayramining asosiy taomi hisoblangan sumalak tayyorlandi.
Taʼkidlash joizki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 kilometr ichki yoʻl taʼmirlandi. Shu bilan birga, tungi yoritish chiroqlari, piyodalar koʻpriklari, selfi hududlar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari, «Sentob» qishlogʻining ramziy kirish stellosi, turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Oilaviy mehmon uylari va xostellarga belgilangan standartlar asosida koʻrsatkichlar oʻrnatildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.