Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyevning “Kommersantʼ” nashriga maʼlum qilishicha, joriy yilning sentyabr oyidan Rossiya bilan aviaparvozlar tiklanishi mumkin.

«Rossiyaga aviaparvozlar sentyabr oyida tiklanishi ham mumkin. Biroq tushunish kerakki, biz ikki oy davomida karantin joriy etdik. Keyin choralar yumshatildi. Natijada kasallikni yuqtirish holatlari oshib ketdi va biz 15-avgustga qadar navbatdagi karantinni joriy etishga majbur boʻldik. 15-avgustdan soʻng karantin cheklovlari bir muncha yumshatildi va 5-sentyabrdan yana bir qancha faoliyat turlari tiklandi.

Boshqa davlatlar kabi biz ham maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ochyapmiz. Respublikadagi keyingi vaziyatni baholash uchun biroz vaqt kerak. Kasallanish holatlari kamayib borsa, bu aviaparvozlarni tiklash uchun imkon beradi» – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Uning qoʻshimcha qilishicha, hozirda Oʻzbekistonda kasallikning ikkinchi toʻlqiniga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

“Biz ikkinchi toʻlqinni kutyapmiz va unga tayyorlanyapmiz. Kuz-qish mavsumi bu gripp, OʻRVI kabi infeksion kasalliklarning koʻpayish vaqti. Karantin cheklovlarining deyarli barchasi yumshatildi. Odamlar orasida muloqot koʻpayyapti, maktablar, OTM va bogʻchalar ochilyapti”,- dedi u.