Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Prezidentimizning shu yil 25-apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sentyabr oyidan tibbiyotda oʻzgarishlarni sanab oʻtdi.
Jumladan:
2022-yil 1-sentyabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berildi.
Unga koʻra, yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlar oʻz uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar koʻrsata oladi;
yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga oʻziga biriktirilgan aholiga bepul koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun toʻlov Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali beriladi;
yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022-yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.
Shuningdek, mazkur hujjatga binoan, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:
tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarida hisobot berish tartibi joriy qilindi.
Unga muvofiq:
tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlari mahalla fuqarolar yigʻinlarida;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida;
viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida hisobot beradi.