Muloqot avvalida davlatlarimiz oʻrtasida tibbiyot sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, Oʻzbekiston tomoni AQSHning koronavirus pandemiyasi davrida koʻrsatayotgan amaliy koʻmagidan minnatdor ekanligi qayd etildi.

Jumladan, COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi boʻyicha 5 million dozadan ziyod “Moderna” va “Pfizer” vaksinalari taqdim etilgani aholi salomatligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

AQSH vakillarining taʼkidlashicha, joriy yilning sentyabr oyiga qadar mamlakatimizga yana 5 million doza ana shunday vaksinalar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qariyb 2 million dollarlik koronavirusdan himoya vositalari, 3,7 million dollarlik tibbiy jihozlardan iborat insonparvarlik yordami koʻrsatilgani ham eʼtiborga loyiq.

Shu bilan birga, keyingi yillarda yurtimizda USAID grantlari asosida roʻyobga chiqarilayotgan qator loyihalar tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.

Oʻz navbatida, AQSHning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bilan koronavirus hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, vaksinatsiya, sanitariya-epidemiologiya va tibbiyotning boshqa qator yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik aloqalari mustahkamlanyapti.

Masalan, bundan bir muddat avval “Amaliy epidemiologiya boʻyicha oʻquv dasturining bazaviy darajasi” xalqaro malaka oshirish kursi yoʻlga qoʻyilib, uning doirasida birinchi guruh tinglovchilari oʻqitildi. Endi shu yilning aprel oyidan ikkinchi guruh mashgʻulotlari boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuning barobarida, COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida CDC mutaxassislari koʻmagida 800 nafar umumiy amaliyot shifokori, epidemiolog va pediatrlar malaka oshirdi.

Uchrashuvda kelgusida tibbiy taʼlimni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, infeksion kasalliklarning oldini olish, jumladan, grippga qarshi vaksinalarni yetkazib berish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Binobarin, mamlakatimiz tibbiyot tizimining turli favqulodda holatlarda tezkor va sifatli faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida koʻchma shifoxonalar tashkil etish, mobil shoshilinch tibbiy yordam tizimini shakllantirish, shuningdek, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.