Bu haqda Sergeli tuman hokimligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi Sergeli avtomobil bozori hududida keng ko‘lamli modernizatsiya va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad bozor infratuzilmasini yangilash, xavfsiz va tartibli savdo muhitini shakllantirish, shuningdek, tadbirkorlar va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat.

Modernizatsiya ishlari doirasida bozor ma’muriy binosiga kirish qismi yangilanib, granit qoplamalar yotqizilmoqda. Shuningdek, hududdagi 26,5 ming kvadrat metr maydonga yangi asfalt yotqizilgan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda yana 16,2 ming kvadrat metr maydonni asfaltlash rejalashtirilgan.

Bozordagi ehtiyot qismlar savdosi amalga oshiriladigan do‘konlarning tom qismi ta’mirlanmoqda. Tartibsiz o‘rnatilgan reklama konstruktsiyalari demontaj qilinib, vitrinalar yangilanayapti. Shuningdek, ishlatilgan ehtiyot qismlar savdosi uchun mo‘ljallangan konteynerlar zamonaviy va yagona arxitektura ko‘rinishiga keltirilmoqda.

Tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida raqamli texnologiyalar ham joriy etilmoqda. Xususan, bozor hududiga avtotransport vositalari kirishi uchun inson omilisiz ishlaydigan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlari o‘rnatilmoqda. Bu kirish jarayonini tezlashtirish, shaffoflikni ta’minlash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkonini beradi.

Toshkent shahar hokimligi mazkur ishlar bozorni buzish bilan emas, balki uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, bozorning rasmiy nomi — «Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori» MChJ bo‘lib, bu yerda foydalanilgan transport vositalari va ehtiyot qismlari savdosi amalga oshiriladi.