Ushbu zamonaviy maktabni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi.

— Bugun ochilgan maktab yurtimizda «Zamonaviy maktablar»ni tashkil etishdagi ilk qadamdir, — dedi Xalq ta’limi vaziri. — Bunday maktablar bosqichma-bosqich mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etiladi. Mutlaqo yangicha dizaynda barpo etilgan ushbu maktabda o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

To‘rt qavatli ushbu maktabda 48 ta o‘quv xonalari mavjud bo‘lib, ularning 20 tasi fan xonasi, 14 tasi boshlang‘ich sinf xonasi va 14 ta xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv xonalaridir.

Bundan tashqari, maktabda 15 ta ma’muriyat xonasi, 1 ta chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik xonasi, 4 ta axborot texnologiyalari xonasi, 4 ta to‘garak xonasi, 3 ta kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 2 ta o‘g‘il va qiz bolalar texnologiya xonasi, 1 ta musiqa xonasi, 1 ta kutubxona faoliyat yuritadi.

O‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 1 ta 40 o‘ringa mo‘ljallangan elektron kutubxona, 1 tadan tibbiyot hamda tish shifokori xonasi, 1 ta 140 o‘rinli faollar zali, 200 o‘rinli oshxona, 2 ta sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari ham tashkil etilgan.

Ta’kidlash lozimki, bu so‘nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablardan biri hisoblanadi. Mazkur maktabni qurish jarayonida Prezident maktablari, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashgan maktablarining qurilish tajribasidan foydalanildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur maktabda ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida Toshkentdagi eng talab yuqori bo‘lgan maktab direktorlari orasida tanlov o‘tkazilib, nomzodlar Kuzatuv kengashlari tomonidan tanlab olindi hamda o‘qituvchilar test sinovlari asosida ishga qabul qilindi. Xususan, ushbu maktabda ishlash istagini bildirgan 100 nafardan ziyod pedagoglardan 65 nafar yosh, bilimli va tashabbuskor mutaxassislar ishga qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Sergeli tumanida 4 yangi maktabning qurilishi boshlangan edi. Hozirda ularning uchtasi, ya’ni 329-, 330-, 331-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Xalq ta’limi vaziligi matbuot xizmati.