Sergelida ham gastronomik koʻcha barpo etiladi

    Toshkent shahrining Sergeli tumanida 7/24 soat ishlaydigan 1,2 km uzunlikdagi gastronomik koʻcha barpo etiladi.

    Bu haqda Sergeli tuman hokimligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, poytaxtning Sergeli tumanida kechayu kunduz faoliyat yuritadigan gastronomik koʻcha quriladi. Taqdimot davomida yangi loyiha tuman hokimi Elbek Shukurov tomonidan taqdim etildi.

    “Biz Xalq banki bilan maslahatlashib, aksariyat tumanlar qilmagan ishni — yurib ketmagan (sal eʼtibordan chetda degan mazmunda, tahririyat izohi) koʻchani noldan qilishni rejalashtirdik. Va kelinglar umuman noldan qilaylik dedik. Boisi bugungi kunda Sergelidagi "Yangi Sergeli”, “Mehrigiyo” va “Shokirariq” koʻchalarida shundoq ham hayot qaynaydi. Yarim kechasi ham odamlar gavjum. Lekin aynan mana shu koʻchada uzilish bor. Aynan shu uzilishni toʻldirmoqchimiz. Ikkinchi maqsad esa bu yerdagi gavjum daraxtlardan unumli foydalanish. Gastronomik koʻchamiz nafaqat kechki payt, kunduz kuni ham yashashi, odamlar bilan gavjum boʻlishi kerak", — dedi tuman hokimi Elbek Shukurov bu haqda taqdimot qilar ekan.

    Ushbu Gastronomik koʻcha “Sugʻdiyona” mahallasidagi “Jahonaro” koʻchasida barpo etilishi koʻzda tutilmoqda.