Sessiyada oziq-ovqat xavfsizligi va narx-navo barqarorligini ta'minlash masalasi ko‘rildi

    2021 yilning may oyiga qadar aholini kundalik oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini zaxira qilish rejasi belgilangan.

    Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashining navbatdagi 16 sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Sessiyada shahar hokimi Gavhar Alimova kun tartibidagi masala yuzasidan hisobot berdi. Hokimning ta'kidlashicha, aholi ehtiyoji uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish va oyma-oy bozorga chiqarish yuzasidan shahar hokimining 17 oktyabrdagi 318-sonli qarori chiqarilib, bu ishlarni moliyalashtirish uchun shahar hokimligi huzurida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash jamg‘armasi tashkil etildi.

    Shuningdek, 2021 yilning may oyiga qadar shahar aholisini moddiy ehtiyojidan kelib chiqib go‘sht, tuxum, kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, un, o‘simlik yog‘i va shakar kabi kundalik oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxira qilish rejasi belgilangan. Ushbu rejani hududdagi 1 ta dehqon bozori, 3 ta savdo kompleksi, 2 ta yirik korxona hamda 25 ta savdo korxonalari orqali amalga oshiriladi. Mavsum uchun qo‘shni tumanlardan olib kelinadigan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 2000 tonnalik 2 ta muzlatkich omborxonalar hamda sig‘imi 850 tonnalik 4 ta korxona omborxonasida saqlanishi nazarda tutilgan.

    Hilola ERGAShEVA