“Seul-2021” shaharlar barqarorligi xalqaro forumi

    Xalqaro hamkorlik 29 Sentabr 2021 486

    28-sentyabrda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sharof Rahmonov “Koronavirus pandemiyasidan keyin kundalik tahdidlar” mavzusida boʻlib oʻtgan “Seul-2021” shaharlar barqarorligi xalqaro forumida ishtirok etdi.

    Onlayn tadbirda Xoboken (Nyu Djersi shtati, AQSH), London (Buyuk Britaniya), Rim (Italiya), Afina (Gretsiya), Tel-Aviv (Isroil), Vladivostok (RF), Vyentyan (Laos), Makati (Filippin orollari), Seul (Koreya), Kolombo (Shri-Lanka) shaharlarining merlari va maʼmuriyat vakillari maʼruza bilan soʻzga chiqdilar.

    Maʼruzalarning asosiy mavzulari – pandemiya davrida shaharlarning harakatlari, koviddan keyingi voqelikda ularning barqarorligini taʼminlash, aqlli qurilish texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish, shaharlarning raqamli transformatsiyasi, yirik shaharlarda havo sifatini oshirish va boshqalar.

    Sharof Rahmonov oʻz nutqida, har qanday shaharning hayotidagi eng muhim omil – insonning oʻzi ekanligini, uning salomatligi va atrofidagi sogʻlom muhitning ahamiyati yuqoriligini taʼkidlab, bevosita yurtimiz va poytaxtimizdagi koronavirusga qarshi kurashish ishlari haqida maʼlumot berdi. Masalan, koronavirusning har qanday shtammlariga qarshi kurashishga moslashgan 15 ming davolash oʻrni tashkil etilgani, 300 ga yaqin tezkor mobil brigadalar faoliyat yuritayotgani, Toshkent aholisining 40 foizidan ortigʻini qamrab olgan emlash jarayoni yoʻlga qoʻyilgani aytib oʻtdi.

    Sh.Rahmonov raqamli transformatsiya boʻyicha eng dolzarb masalalar haqida soʻz yuritib, ular yaqin 5 yil ichida sogʻliqni saqlash, maktabgacha va xalq taʼlimi, UJKX, transport va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olishi kutilayotganini taʼkidlab oʻtdi. Shu tariqa, IT-innovatsiyalar shaharning kundalik hayotiga faol joriy etilishda davom etadi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.