Seulda Alisher Navoiy haykali ochildi

    Madaniyat 16 Dekabr 2021 2365

    Joriy yil 16-dekabrda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakat poytaxti – Seul shahri markazida ulugʻ oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali ochildi.

    Dunyoning yana bir goʻzal shahrida atoqli ajdodimiz xotirasiga tiklangan koʻrkam yodgorlikning ochilish marosimi Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi va davlatimiz rahbarining mazkur mamlakatga davlat tashrifiga bagʻishlandi.

    Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrepina Shin, Oliy Majlis deputati Viktor Pak, shuningdek, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Navoiy hazratlarining yangi yodgorligi poyiga ilk bor gulchambarlar qoʻyildi.

    Maʼlumot uchun: Bugungi kunga qadar Alisher Navoiy haykali dunyoning Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, Oʻsh, Dushanbe kabi shaharlarida oʻrnatilgan.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.