Seulda Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Iyul 2022 2182

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida Seul shahrida “Oʻzbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari hamda Janubiy Koreya parlamenti, siyosiy, akademik va ekspert-tahlil doiralari vakillari, mamlakatdagi yetakchi oliy taʼlim dargohi rektorlari va tadqiqotchilari, provinsiyalar va yirik shaharlar rahbariyati hamda mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Janubiy Koreya jamoatchiligini Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirish va ushbu masalalar yuzasidan fikr almashishdan iborat boʻldi.

    Delegatsiya aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, inson huquqlari, ijtimoiy davlat, yoshlar masalalari boʻyicha kiritish taklif qilinayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida maʼruzalar qilindi hamda batafsil maʼlumot taqdim etildi.

    Janubiy Koreya siyosiy va ekspert doiralari vakillari xalqaro konstitutsiyaviy tajriba haqida soʻz yuritib, shu kunlarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy oʻzgarishlar jarayonini muntazam kuzatib borayotganini hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

    Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, bu borada oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Xususan, tadbirda soʻzga chiqqan Xanyan universitetining Osiyo-Tinch okeani tadqiqot markazi direktori Um Gu Xo mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsion islohotlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda eng muhim qadamlardan biri boʻlishini taʼkidladi.

    Janubiy Koreya — Oʻzbekiston Biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kim Chang Keon Oʻzbekistonda Bosh qomusga kiritish taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda xorijlik investorlar va biznes doiralar vakillarining haq-huquqlarini mustahkamlash va ularga yanada kengroq imkoniyatlar yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor berilayotgani Janubiy koreyalik hamkorlar tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar miqdorining oshishiga zamin yaratishini qayd etdi.

    Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Byon Xyon Sob Janubiy Koreya Oʻzbekistonning alohida strategik hamkori sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsion oʻzgarishlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    “Koreya Respublikasi-Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi Kotibiyati direktori Li Chong Guk Oʻzbekistonning rivojlanishi va yuksalishini taʼminlovchi har qanday yangilanishlarni, xususan konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori baholashini bildirdi. Uning fikricha, Asosiy qonunga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Janubiy koreyalik mutaxassislar, shuningdek, soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston tomonidan xalqaro minbarlarda ilgari surilayotgan tashabbuslarning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilayotganiga ham eʼtibor qaratib, joriy yil 11-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqullagani mamlakatimiz tashqi siyosatidagi eng katta yutuqlardan biri boʻlganini qayd etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.