Tadbirda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlariga bagʻishlangan hujjatli film suratga olish masalalari muhokama qilindi.
“Dunyo” AAning qayd etishicha, Oʻzbekiston hududidagi islom madaniyatining meʼmoriy obidalariga bagʻishlangan ushbu hujjatli film 30 daqiqa davom etadigan koʻp qismli televizion dasturning bir qismi boʻladi. Ushbu dastur uchun 2020-yildan beri Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Moʻgʻuliston, Isroil, Turkiya, Saudiya Arabistonidagi eng qadimiy obidalar hamda muqaddas qadamjolarga bagʻishlangan hujjatli filmlar suratga olinib, efirga uzatilmoqda.
Janubiy Koreyaning “KNN” teleradiokompaniyasi tomonidan yaratilayotgan film uchun maslahatchi vazifasini bajaruvchi Mun Xyung Suk Oʻzbekistonning boy islom madaniyati va ilm-fani rivojida alohida oʻrin tutishini taʼkidladi. U ssenariyga koʻra, filmda mamlakatimizning YUNESKOning Jahon merosi sifatida tan olingan yodgorliklari, islom madaniyati namunalari va ziyorat turizmi obidalari namoyish etilishini taʼkidladi.
Ushbu hujjatli film Janubiy Koreya televideniyesi orqali joriy kuz faslida efirga uzatilishi va kelajakda xalqaro kinofestivallarda taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv natijalariga koʻra, tomonlar mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.