Seulda Toshkent tibbiyot akademiyasining vakolatxonasi ochildi

    Vakolatxonaning ochilish marosimida Toshkent tibbiyot akademiyasi vakillari, akademiyaning Janubiy Koreyadagi hamkorlari, mamlakatimizning Seuldagi diplomatiya vakolatxonasi xodimlari, akademiyada tahsil olayotgan iqtidorli talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

    Akademiyaning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Murod Jafarov tadbir ishtirokchilariga Toshkent tibbiyot akademiyasi faoliyati va uning imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi. Ishtirokchilarga TTA faoliyatiga oid videoroliklar namoyish etildi.

    Tadbirda ishtirok etgan hamkorlar Janubiy Koreyadan ko‘plab talabalarni Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishga yuborish, shuningdek, akademiyaning ko‘plab talabalarini Koreyaning nufuzli tibbiyot oliygohlariga qabul qilishni tashkil etish hamda bu borada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladilar.

    Shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi, tibbiyot yo‘nalishida ham samarali hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgan. Hozirgi paytda Toshkent tibbiyot akademiyasi Koreya Respublikasining 20 dan ortiq universiteti va klinikalari bilan hamkorlik qilmoqda.

    Seulda Toshkent tibbiyot akademiyasi vakolatxonasining ochilishi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishiga shubha yo‘q.