Seysmik xavfsizlik ta'minlanadi

    Qonun loyihasi 5 ta bob va 26 ta moddadan iborat.

    Soʻnggi yillarda dunyoda sodir boʻlgan falokatli zilzilalar natijasida 914 ming kishi qurbon boʻlgan, jabrlanganlar soni 2,5 milliondan ortiq kishini, umumiy iqtisodiy zarar esa 360 mlrd. dollarni tashkil etgan.

    Mamlakatimiz seysmik faol mintaqaga kiradi. Shu sababli Oʻzbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, masʼul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

    Shu maqsadda ishlab chiqilgan – “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi oʻqishda xalq vakillari tomonidan koʻrib chiqildi.

    Qonun loyihasi 5 ta bob va 26 ta moddadan iborat. Unda belgilanayotgan normalar respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi aholi xavfsizligini taʼminlash barobarida ijtimoiy-iqtisodiy samaralarga ham olib keladi (aholi va hududlarning seysmik xavfsizligi taʼminlash darajasi yangi bosqichga chiqadi, sohani uzviy rivojlanishi taʼminlanadi, seysmik mustahkam bino va inshootlar qurilishi sifati nazoratga olinadi).

    Qonun loyihasining qabul qilinishi seysmik xavfsizlikni taʼminlashning yaxlit tizimi yaratilishiga, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan kuchli zilzilalarga doimiy tayyorgarlik koʻrib borish amaliyoti shakllanishiga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan birinchi oʻqishda qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.