Shabnamning xulosasi: “Zilziladan soʻng uylar mustahkam qurilganiga shubham yoʻq, chunki bu hodisa barchaga dars boʻldi”

    Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston hamda Shimoliy Kipr davlatlarida faoliyat yurituvchi OAV vakillari uchun Turkiyaga tashkil etilgan media turning ikkinchi manzili Adiyaman viloyati boʻldi.

    Dastlab viloyat rahbari Osman Varal jurnalistlar bilan muloqot qildi. Taqdimot tarzida tashkil etilgan mazkur muloqotda zilziladan jabr koʻrgan hududlarda uy-joylarni tiklash, maktablar, sport maydonchalari va davlat idoralari binolarini rekonstruksiya qilish, aholiga koʻrsatilayotgan yordamlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Soʻng jurnalistlar Adiyaman markazidan 37 kilometr uzoqlikda joylashgan Oqpinar qishlogʻida boʻldi. Bu yerda zilziladan jabr koʻrgan aholi vakillari uchun qurilgan, koʻchib oʻtishga tayyor qilib qoʻyilgan, barcha qulayliklarga ega xonadonlarni koʻzdan kechirdi. Ixcham uylar 125 metr kvadrat metrdan iborat boʻlib, barcha sharoitlar yaratilgan. Avvalo oilalarni boshpana bilan taʼminlash asosiy vazifa sifatida belgilangan, kelgusida bu yerda maktab, bogʻcha, poliklinika va savdo obyektlari qurilishi belgilangan.

    Taʼkidlanishicha, zilziladan jabr koʻrgan, boshpanasidan ayrilgan, biroq oʻzi uy tiklashni istagan oilalarga ikki yillik imtiyozli davr bilan 20-yilga kredit ajratiladi. Muhimi, bu mablagʻ mutlaq foizsiz.

    - Ismim Shabnam. Litsey bitiruvchisiman. Zilzila manzarasi hali hanuz koʻz oldimda. Yaqinlarimni, eng yaqin doʻstlarimni yoʻqotdim. Biroq vaqt oʻtyapti. Yashashga majburmiz. TOKI tomonidan barpo etilgan xonadonlardan biri bizga taqdim etildi. Ayni paytda dadam bilan shu uyni koʻrishga keldik, — deydi yangi uy sohibalaridan biri.

    Press-tur davom etmoqda.

    Bashorat Otajonova

    Turkiya-ADIYAMAN