Shaffoflikning andijoncha uslubi: Andijonda masʼuliyatli va masʼuliyatsiz rahbarlar aniqlanmoqda

    Mamlakatimizda 7 Iyul 2020 1626

    Oʻzbekiston Prezidenti Andijon viloyati hokimining faoliyatiga baho berar ekan, Shuhrat Abdurahmonovning fidoyiligi, sadoqati va qatʼiyatini eʼtirof etgan holda oʻz atrofidagi rahbarlarni ishlatishi zarurligini bir necha bor takrorlagan.

    Yurtboshimizning bu eʼtirofi va eʼtirozi oʻrinliligi aholi bilan muloqotlar masalasida tasdigʻini topadi. Chunonchi, masala tuman darajasida yechilsada, joylardan kelgan arz-diydalar, albatta, viloyat hokimiga murojaat qilishni afzal koʻradilar.

    Viloyat rahbarining ish tutumi shuki, koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan ushlab xulosa qilishga, yondashishga odatlangan. Boshqalardan ham shuni talab qiladi.

    “Har qanday muloqotga tayyorlik” shiorini qoʻl ostidagi masʼul xodimlar ham mahkam tutishi zarurligini uqtiradi.

    Shuhrat Qoʻshoqboyevich oshkoralik, shaffoflik masalasida yana bir xalqchil tashabbusni ilgari surdi – rahbarlarning ishdagi natijalariga qarab, ularni koʻkrak nishoni bilan siylash.

    Bu dushanba kunlari oʻtkaziladigan hokimlik soatida aniqlanadi. Oqsoqlikka yoʻl qoʻygan shahar, tuman yoki tashkilot kattasining koʻksiga shu yerning oʻzida qizil rangli nishon taqiladi. Topshiriqni doʻndirganlarga esa koʻk rangli nishon topshiriladi. Yigʻilishdan chiqib, taqdirlanganlar jurnalistlar orqali xalq oldida hisob beradilar. Oshkoralikmi? Oshkoralik! Hokimiyatning birdan bir manbaasi xalq boʻlgandan keyin uning oldida hisobdorlikni shunday usulda ham qoʻllash mumkin.

    Bugungi hokimlik soatida yangi tashabbus amaliyotda ilk bor qoʻllandi.“Masʼuliyatsiz rahbar” nishonini olish boʻyicha Ulugʻnor, Oltinkoʻl tumanlarinigng hokimlari Doniyorbek Maxsudov va Nazirjon Oʻrinboyev “peshqadam” boʻlishdi. Tashkilotlar orasida viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi Zufarbek Yuldashev va viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi rahbari Dilmurod Nabiyevga shunday baho berildi. Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarovga uchta yoʻnalish boʻyicha qoʻlga kiritgan koʻrsatkichlari uchun 3-marta yashil nishon topshirildi. Marhamat va Xoʻjaobod tumanlari hokimlari Bobirjon Yuldashev va Otabek Rasulov esa ikki bora shunday eʼtirofga sazovor boʻldilar. Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshligʻi Elyor Usmonov ham ikki bor “Masʼuliyatli rahbar” nishoni berildi.

    Uch hafta davomida qatorasiga qizil nishonga loyiq koʻrilgan rahbar masalasi alohida koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.

    Rutamjon ESHONOV.

    Muallif olgan suratlar.