Shaffofmisiz? Ochiqlikdan choʻchimang!

    Suhbat 3 Avgust 2021 684

    Jamoatchilik fikri shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan jamiyatda yashayapmiz. Demak, har bir sohada ochiqlik va shaffoflikni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

    Bugun fuqaroning huquqiy tushunchasi oʻsib, uning jamiyatdagi faolligini ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan fikrlari orqali bilish mushkul emas. Shu boisdan DXA Navoiy viloyati boshqarmasi tizimdagi yangiliklar va qonunchilikdagi oʻzgarishlar yuzasidan mattbuot va OAV lari bilan doimo aloqada. Ayni kunda soha faoliyati yuzasidan ishonch telefonlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan murojaatlarga mudom javobimiz tayyor. Hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari va Fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimlarida aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari yuzasidan eng koʻp berilayotgan savollar boʻyicha javoblar shunday boʻladi.

    Savol: Avval Davlat xizmatlari markazida ishlaganman. Menga agent faoliyatini yuritishim uchun qonunchilikda cheklov qoʻyilmaganmi?

    Javob: Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi qarorga muvofiq faqat yakka tartibdagi tadbirkor, uning xodimi yoki yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining xodimi agent sifatida davlat xizmatini koʻrsatishi mumkin. Demak, siz avval Davlat xizmatlari markazida ishlagan boʻlsangiz ham sizga nisbatan qonunchilikda cheklov yoʻq. Faqat siz yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsangiz va tadbirkorlik qilish uchun litsenziyangiz mavjud boʻlsa, 40 soatlik oʻquv kursidan oʻtib, malaka imtihoni topshira olsangiz, albatta agent sifatida faoliyat yurita olasiz.

    Savol: Hozirda agent faoliyatini yuritish uchun oʻquv kursini oʻtayapman. Sertifikat olsam, uning amal qilish muddati qancha? Yana bir savol malaka imtihonidan oʻtolmasam, qayta imtihon topshirish imkoniyatim bormi?

    Javob: Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatlarini koʻrsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan agent xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining xodimlariga akreditatsiyadan oʻtgan nodavlat taʼlim muassasalari tomonidan beriladigan sertifikat muddati 3 yil qilib belgilab qoʻyilgan. Keyingi savolingizga qoʻyidagicha javob beramiz. Malaka imtihonidan oʻtmagan talabgorlar bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻin toʻlab navbatdagi malaka imtihonidagi talabgorlar roʻyxatiga kiritilgan holda takroran imtihon topshirish huquqiga ega. Demak, siz agar istasangiz qayta imtihon topshirish imkoniyatiga egasiz. Faqat bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravar miqdorida toʻlov amalga oshirasiz.

    Savol: Navbahor tumanidan fuqaro Inom Toʻrayev savoli. Jiyanim IELTS sertifikatini oldi. Imtihon topshirish harajatlari qoplab berilishi uchun qanday hujjatlar kerak, xarajatlar qancha miqdorda qoplab beriladi, qayerga murojaat qilish kerak, ariza tashlash uchun toʻlovi bormi, degan savol bilan murojaat qildilar.

    Javob: Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball toʻplagan yoshlarga imtihon topshirish harajatlari qoplab berilishi uchun quyidagi hujjatlar kerak boʻladi. Arizaga imtihon topshirish xarajati toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov kvitansiyasi va maxsus sertifikat ilova qilinadi, xolos. Ariza beruvchidan boshqa maʼlumotlarni talab qilish qatʼiyan taʼqiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 13-apreldagi qaroriga asosan Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball toʻplagan yoshlarga imtihon topshirish harajatlari toʻliq qoplab berilishi belgilangan. Buning uchun ariza beruvchi istalgan tuman shahardagi Davlat xizmatlari markazlariga yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali boʻlgan my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan mazkur davlat xizmatini koʻrsatish mutlaqo bepul amalga oshiriladi.

    Savol: Qiziltepa tumanidan Zohidjon Karimov savol berayapti. Boʻlajak turmush oʻrtogʻim bilan nikohimizni rasmiylashtirish avgust oyining 25 sanasida belgilangan. Ikkimiz ham oliygohda oʻqiymiz. Oʻqishimizni viloyatga qaytarmoqchimiz. FHDYO idorasi nikohimiz muddatini qisqartirishi mumkinmi?

    Javob: “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasini 387-sonli qarorining 5-bob, 75- bandida koʻrsatilishicha, FHDYO organi mudiri uzrli sabablarga boʻlganda hamda arizachilarning iltimoslariga koʻra bir oylik muddatni qisqartishi mumkin. Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi maʼlumotnomasi, xizmat safari toʻgʻrisidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar koʻrsatiladi. Agar sizda yuqorida koʻrsatilgan uzrli sabablarni tasdiqlovchi hujjatlar boʻlsa, nikohdan oʻtish muddati qisqartiriladi.

    Savol: Navoiy shahridan Shavkat Moʻminov murojaati. Maʼsuliyati cheklangan jamiyat rahbari olamdan oʻtdi. Yuridik korxonani tugatish uchun meros ishi ochilishi shartmi?

    Javob: Vazirlar Mahkamasining 66-sonli qaroriga koʻra, shuningdek “Maʼsuliyati cheklangan va boshqa qoʻshimcha jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston respublikasi Qonuniga asosan MCHJ taʼsischisi vafot etganda uning oʻrniga taʼsischisi tayinlashda yoki tashkilotni tugatish va tashkilot bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda notarial idora tomonidan meros ishi ochiladi va meros ishiga asosan tayinlangan shaxs yaʼni merosxoʻr tashkiloti faoliyati bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.

    Savol: Fuqaro Saydulla Maʼmurov murojaati. Kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan edik. Biroq bizga rad javobi berildi. Rad etish uchun qanday holatlar asos boʻlishi mumkin?

    Kadastr pasportini rasmiylashtirish qoʻyidagi holatlarda rad javobi beriladi. Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ariza beruvchi yoki uning vakili soʻrovnomada koʻrsatilgan manzilda boʻlmaganda, vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish boʻyicha koʻchmas mulk obyektiga taʼqiq yoki xatlov qoʻyilganligi aniqlanganda kadastr pasportini tayyorlashni rad qilishga asos boʻladi.

    Eldor Bahodirov.

    DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari