Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish tartiblari takomillashtiriladi

    Urbanizatsiya 20 Sentabr 2021 1692

    “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Huqumat qarori (579-son, 17.09.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-oktyabrdan shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini amalga oshirishda:

    - shaharsozlik hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali koʻrib chiqiladi;- davlat mablagʻlari, davlat kafolatiga olingan tashqi investitsiya mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan ishlarning loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan koʻrib chiqiladi;

    - boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar loyiha hujjatlari akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan koʻrib chiqiladi;

    - ijobiy ekspertiza xulosalari “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri”ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi;

    - ekspertizadan oʻtkazganlik uchun xizmatlar haqini tabaqalashtirilgan tartibda hisoblash tizimi joriy etiladi;

    - loyiha hujjatlarini koʻrib chiquvchi ekspert – mutaxassislarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularni sertifikatlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Qaror bilan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga muvofiq, quyidagi obyektlarning loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish majburiy emas:

    ▪️ mavsumiy ishlar uchun vaqtincha va maishiy binolar;

    ▪️ 300 kub metrdan ortiq boʻlmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi obyektlar;

    ▪️ ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda) balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joylar;

    ▪️ joriy taʼmirlanadigan binolar, inshootlar.