Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi

    Urbanizatsiya 25 Fevral 2021 2472

    “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonun (OʻRQ-676, 22.02.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Kodeksga noyob va alohida muhim obyektlar”, “reklama va axborot obyektlari”, “turar joy obyektlari”, “urbanizatsiya” va boshqa bir qator asosiy tushunchalar kiritildi.

    Mazkur Kodeksda shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari aniq qilib belgilab berildi.

    Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati va uning shakllari, subyektlari haqidagi normalar mustahkamlandi.

    Mazkur sohadagi qarorlarning muhokamasida jamoatchilik nazorati ishtiroki taʼminlanishi belgilandi.

    Kodeksga yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zarar oʻrni qoplanishining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan hamda pudrat uchun davlat shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tartibi, pudrat ishlari qatʼiy shartnoma asosida amalga oshirilishi boʻyicha normalar kiritildi.

    Shuningdek, shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi aniq koʻrsatib oʻtildi.

    Endilikda chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar ham shaharsozlik faoliyati subyektlari boʻla oladi.

    Mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.