Shahram Gʻiyosovning navbatdagi jang sanasi va manzili eʼlon qilindi

    Oʻzbekistonlik professional bokschi Shahram Gʻiyosov yarim oʻrta vazn toifasidagi oʻzining navbatdagi jangini shu yilning aprel oyida oʻtkazadi.

    Bu haqda “Matchroom” xabar berdi.

    Manbaga koʻra, Shahram Gʻiyosov 12-aprel kuni AQSHning Nyu-Jersi shtati, Atlantik Siti shahrida tashkil etiladigan profboks oqshomida ringga koʻtariladi. Hozircha uning raqibi kim boʻlishi aniq emas.

    Oqshomning markaziy jangi yarim oʻrta vaznda WBA chempioni Eymantas Stanionis hamda IBF chempioni Jeyron Ennis oʻrtasida kechadi. Gʻiyosov esa boʻlajak jangida gʻalaba qozonsa, keyingi jangini aynan Ennis-Stanionis bahsi gʻolibiga qarshi oʻtkazadi.

    Maʼlumot oʻrnida, Gʻiyosov professional boksda 14 ta jang oʻtkazgan va barchasida gʻalaba qozongan. 9 ta jangda raqibini nokautga uchratgan.