Shu munosabat bilan joriy yil 25-26-aprel kunlari bir qator xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtadi.
Nufuzli tadbirda IHT kotibiyati rahbariyati, tashkilotga aʼzo davlatlarning turizm idoralari rahbarlari va mutasaddilari, faxriy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadilar.
Forum doirasida tashkilotga aʼzo davlatlarning turizm sohasi rasmiylari ishtirokida ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.
Unda sohani rivojlantirish yoʻlida oʻzaro tajriba almashish, mavjud muammolarning yechimlarini muhokama qilish, turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yoʻnalishlarda imkoniyatlarni ishga solish, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish va sohadagi yutuqlarni targʻib qilish borasidagi chora-tadbirlarni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqilishi kutilyapti.
Mazkur tadbirda doirasida IHTga aʼzo davlatlar folklor jamoalari ishtirokida “International folk” festivali, yosh dizaynerlar oʻrtasida “Modest fashion show” tanlovi, mashhur oshpazlar ishtirokida “Shahrisabz pazandachilik bellashuvi”, “Xalqaro etnosport oʻyinlari” festivali hamda xorijlik va mahalliy yetakchi rassomlar ishtirokida “plenar” natijalariga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi.
Tadbirning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi dunyo jamoatchiligining eʼtiborini qaratish bilan birgalikda mamlakatning turizm imkoniyatlarini keng targʻib etish yoʻlida muhim ahamiyatga ega.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosini inobatga olgan holda 2022-yil 13-dekabrda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar turizm vazirlarining IV yigʻilishida Shahrisabz shahriga 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti maqomi berilishi maʼlum qilingan edi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Turizm qoʻmitasi tomonidan tashkillashtirilyapti.