Shahrisabzda ikki nafar o‘qituvchi ishga tiklandi

    Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash, ayniqsa, odamlarning dardu tashvishlarini o‘zida aks ettirgan murojaatlarini ijobiy hal qilish bugungi kunda davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifaga aylangan.

    Sh.Ziyodullayev 2021 yilda nima bo‘ldi-yu uzoq yillar mobaynida ishlab kelgan o‘z maktabidan ishdan bo‘shatildi. U o‘z huquqlarini sud orqali tiklab, sudning 22.09.2022 yildagi ishga tiklash haqidagi buyrug‘ini maktab direktoriga olib bordi. Sudning qaroriga bepisandlik bilan qaragan direktor oradan vaqt o‘tishiga qaramasdan qaror ijrosini ta’minlashdan bo‘yin tovlab keldi.

    Shundan so‘ng, fuqaro Majburiy ijro byurosiga murojaat qildi. Byuroning Shahrisabz tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qarzdor ish beruvchiga huquqiy tushuntirish va ogohlantirishlar berildi. Shundan so‘ng, fuqaro Sh.Ziyodullayev o‘z ishiga qayta tiklandi.

    Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudining fuqaro N. Amirovani Shahrisabz tumani Miroqi pedagogika kollejiga direktor o‘rinbosari lavozimiga ishga tiklash va 2 mln. 459 ming ish haqlarini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati yuzasidan olib borilgan ijro harakatlari davomida fuqaro o‘z ishiga qayta tiklandi hamda 29 noyabr kuni ish haqlari ham to‘liq undirib berildi.